$
 12720.00
-7.96
 13827.91
46.07
 140.04
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Bayramona “tuhfa”: O‘zbekiston matbuot erkinligi reytingida 11 pog‘onaga quladi

freedom of press

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 2023-yilgi o‘rnidan 11 pog‘ona pastlab, 180 ta davlat orasida 148-o‘rinni egalladi. Mamlakatda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “og‘ir”dan “juda jiddiy” bosqichga o‘tdi.

148-o‘rin

“Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders, RSF) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan matbuot erkinligi bo‘yicha 2024-yilgi yangi reytingda O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egalladi. Mamlakat 2023-yilgi reytingdagi o‘rnidan birdaniga 11 pog‘ona pastladi.

Tanqid qilish murakkabligicha qolmoqda

“Prezident Islom Karimovning vafotidan so‘ng OAV uchun sharoitlar birozgina yaxshilandi, hokimiyatdagilarni tanqid qilish juda murakkabligicha qolmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Unda aytilishicha, rasmiylar ommaviy axborot vositalariga qarshi repressiv qonunlarni tugatish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni hali amalga oshirmagan. Senzura, kuzatuv va o‘z-o‘zini senzuralash keng tarqalgan.

Og‘irdan juda jiddiy bosqichga o‘tdi

Mamlakatda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “og‘ir”dan “juda jiddiy” (xaritada to‘q qizil rang) bosqichiga o‘tdi.

Ekspertlar bu yil ham bloger Otabek Sattoriy ishi va 2022-yil yozida Nukusdagi namoyishlarni yoritgan jurnalistlarga nisbatan bo‘lgan bosimni tilga oldi.

Markaziy Osiyoda nima gap?

Markaziy Osiyo mamlakatlarida matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat quyidagicha: indeksda Qozog‘iston 142-o‘rin (-8), Qirg‘iziston 120-o‘rin (+2), Turkmaniston 175-o‘rin (+1), Tojikiston esa 155-o‘rin (-2)da qayd etilgan.

Qo‘shni Afg‘onistonda holat sezilarli yomonlashgan — 26 pog‘onaga pastlagan holda 178-o‘rin.

Dunyodagi vaziyat

Yillik Jahon matbuot erkinligi indeksiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab matbuot erkinligiga siyosiy hujumlar, jumladan, jurnalistlarni hibsga olish, mustaqil ommaviy axborot vositalarini bostirish va noto‘g‘ri axborotni keng tarqatish o‘tgan yili sezilarli darajada oshgan.

So‘z erkinligi bo‘yicha yuqori o‘rinlarni mos ravishda Norvegiya, Daniya va Shvetsiya egallagan bo‘lsa, Afg‘oniston, Suriya va Eritreya 180 mamlakatning eng oxirgi pog‘onalarida qayd etilgan.

Indeksda Belarus 167-o‘rin (10 ta o‘ringa pastladi), Gruziya (103-o‘rin, -26), Ozarbayjon (164-o‘rin, -13), Turkiya (158-o‘rin, -7)ning natijalari yomonlashdi.

Hisobotda, shuningdek, 2024-yil boshidan beri 12 nafar jurnalist o‘ldirilgani, 544 nafar jurnalist va 26 nafar media xodimi hisbga olingani haqida so‘z borgan.